Mening hikoyam
2019-yilda 50 yoshga to‘ldim. Shunda organizmimda gormonal o‘zgarishlar boshlanib, vazn yig‘a boshlaganimni tushundim.
Va nimadir o‘zgartirish kerak, nimadir qilish kerak degan qarorga keldim…
2023-yil 1-fevralda vaznim 81,5 kg edi. Jiddiy o‘ylanib qoldim va zudlik bilan ozishga qaror qildim!!!
Qanday qilib ozdim
Shunday qilib, internetdan nima sababdan semirish va qanday ozish mumkinligi haqida ma’lumotlar o‘qiy boshladim.
Tavsiyalarga ko‘ra, to‘g‘ri ovqatlanishga o‘tdim. Shakar, shirinliklar, yog‘li va xamirli taomlardan voz kechdim.
Ovqatlanishda esa 150 gramm asosiy taom va 100 gramm salat yoki salat barglarini iste’mol qila boshladim. Va, albatta,
suyuqlik ichish tartibiga hamda soat bo‘yicha ovqatlanish rejimiga qat’iy rioya qildim.
Mening maqsadim
Va mo‘jiza yuz berib, bir oyda 3 kg ozdim. Yaqinlashib kelayotgan 55 yoshlik yubileyimga yangi ko‘ylak kiyish mening
asosiy maqsadimga aylandi. Avvaliga ko‘ylagimning eskizini chizdim. Xayolimda o‘z qiyofamni yaratdim: men o‘zimni baland
poshnali tufli kiygan, shleyfli va fuksiya rangli astarli, to‘q ko‘k rangdagi kechki libosda xushbichim va go‘zal
qomatda tasavvur qilardim. Ammo buning uchun kamida 20 kg ozishim kerak edi!!!
Mening natijam
Shu tariqa har oy o‘rtacha 3 kg dan ozdim. Bir yil ichida esa 20 kg vazn tashladim. Men maqsadimga erishdim. Va o‘zimga
o‘zim yangi, chiroyli ko‘ylak tikdim. Ustiga fuksiya rangli baland poshnali tufli ham sotib oldim!!! Men maqsadim sari
bosqichma-bosqich bordim. Haftasiga ikki marta mashg‘ulotlarga qatnadim. Jismoniy mashqlar, tanani cho‘zish va uning
harakatchanligini oshirish bilan shug‘ullandim. Bu orada butun oilam to‘g‘ri ovqatlanishga o‘tdi. Turmush o‘rtog‘im ham
10 kg ga ozdi.
Maqsadimga erishgach, odamlarga ozish mumkinligi va zarurligini aytgim keldi. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish va
sog‘lom turmush tarziga o‘tib, barcha odatlarimni o‘zgartirdim. Do‘stlarim va tanishlarim men bilan birga ozadigan guruh
ochdim. Bir yil ichida hamma o‘z maqsadiga erishdi, hamma ozdi. Singlim 22 kg vazn tashladi. Tanishlarim va dugonalarim
ham ajoyib natijalarga erishishdi. O‘z sog‘liqlari yo‘lida turmush tarzlarini o‘zgartira olishdi. Hozir ham to‘g‘ri
ovqatlanishda va vaznimni bir me’yorda saqlashda davom etyapman.
Belimning aylanasi 78 santimetr, vaznim esa 65
kilogramm, va men shuni angladimki, inson o‘z maqsadlariga erisha olar, muvaffaqiyatli, baxtli va sevimli bo‘la olarkan.